TOShKENT, 11 okt - Sputnik. Toshkentdagi Turkiyzabon mamlakatlar transplantologlari hamjamiyati va Turkiya transplantologlari hamjamiyatining hamkorlikdagi 3 – kongressida O‘zbekistonda uch yuzga yaqin bemorda buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgani ma’lum qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, zamonaviy tibbiyotda transplantologiya, ya’ni inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti joriy etilishi inson salomatligiga og‘ir asorat yetkazuvchi bir qator xastaliklarni davolashda katta imkoniyatlar yaratmoqda. Har yili dunyoda 136 mingdan ziyod bemorlarda ana shunday transplantologiya amaliyoti bajariladi. Jahonda bo‘lgani kabi mamlakatda ham tibbiyotning bunday zamonaviy yutuqlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Jumladan, hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yaqin qarindoshlardan bemorlarga jigar va buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti samarali amalga oshirilayapti. Yurtimizda tibbiyot muassasalarida so‘nggi ikki yilda birgina buyrak transplantologiyasi amaliyoti uch yuzga yaqin bemorda muvaffaqiyatli o‘tkazildi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, prezident tashabbusi bilan transplantologiya sohasini yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar tobora takomillashmoqda. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ning tashkil etilgani bu borada muhim qadam bo‘ldi. Ayni paytda ushbu yangi tibbiy-ilmiy markazda ham bunday yangi texnologiyalarni joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.