TOShKENT, 23 yanv - Sputnik. O‘zbekistonda yaqin kelajakda yurak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Xalqaro Press Klubning Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarga bag‘ishlangan sessiyasida aytib o‘tildi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"A’zolarni ko‘chirib o‘tkazish - ya’ni transplantatsiya to‘g‘risidagi qonun Oliy Majlis tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan. Hozir ikkinchi o‘qishda muhokamasi olib borilayapti. Bu yerda sohaning barcha mutaxassislari bilan birga xalqaro tajriba ham o‘rganilayapti. Masalan, inson a’zosini ko‘chirib o‘tkazishda faqat yaqin qarindoshlarga ruxsat berilishi kerakmi yoki boshqa fuqarolarga ham ruxsat beriladimi, degan savollar ko‘rib chiqilayapti. Juft organlar bo‘yicha faqat qarindoshlardan, boshqa organlar bo‘yicha murdadan olish masalasi ham qonunda ko‘rilayapti", - deya tushuntirdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Sattor Rahmatov.
Ta’kidlanishicha, bu qonun qabul qilinishi uchun respublika donorlar hisobi, donor-organni yetkazib berish singari tashkiliy masalalar hal etilishi kerak, shu bois qonun loyihasi qabul qilinishi uchun yana ozgina vaqt bor.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil fevral oyida akademik Vosit Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazida bemorga tirik donor qarindoshdan jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarilgan edi. 2018-yil davomida markaz tomonidan 3ta jigar transplantatsiyasi va 163ta buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari asoratsiz, muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
Keyingi jigar transplantatsiyasi fevral oyiga rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda organlar transplantatsiyasi uchun asos yaratildi >>>
Hozirgi kunda O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolangan hujjat bo‘yicha faqatgina yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi organlarni ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat berilgan. Bunda faqatgina buyrak va jigarni (o‘ng bo‘lagini) ko‘chirib o‘tkazish mumkin.