TOShKENT, 10 okt — Sputnik. O‘zbekistonda rasmiy faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar Markaziy saylov komissiyasiga barcha zarur hujjatlar va imzo varaqalarini taqdim etdi. Endilikda ular ekspertlar tomonidan tekshiriladi, deyiladi Markaziy saylov komissiyasi rasmiy saytida.
Respublikada navbatdagi parlament saylovlari 22-dekabrda bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonning saylov qonunchiligiga ko‘ra, deputatlikka nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan ilgari suriladi. Nomzodlarning ro‘yxatdan o‘tkazilishi saylovgacha 35 kun qolganda yakunlanadi.
O‘zbekistonda rasman beshta partiya – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi ro‘yxatdan o‘tgan.
Partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari besh kun ichida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshirilib, partiyalarning saylovda ishtirok etish huquqi rad etilgan-etilmaganligi aniqlanadi.
Saylovlarda qatnashish uchun har bir partiya 40 000 dan kam bo‘lmagan sonda imzolarni jamlashi talab qilingan edi. Ma’muriy-hududiy birliklarda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar yoki Toshkent) to‘plangan imzolar soni talab qilingan 8% dan oshmasligi kerak.
O‘zbekiston Saylov kodeksiga muvofiq, saylovchilar bir yoki bir necha partiyani qo‘llab imzo qo‘yish huquqiga ega.