TOSHKENT, 25 sen - Sputnik. Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan beshta partiya parlament saylovlarida ishtirok etish uchun imzolar yigʻishni boshladi, deb xabar qilmoqda Respublika Markaziy saylov qoʻmitasi.
2019 yil 24 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan beshta asosiy siyosiy partiyalar rahbarlari oʻz vakillarini tayinlab, ularni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qildi va tegishli hujjatlarni taqdim etdi.
Markaziy saylov komissiyasi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillarni roʻyxatga olib ularga mandat berishga qaror qildi.
Oʻzbekiston Saylov kodeksiga muvofiq, siyosiy partiya oʻzining saylovda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi kamida 40 000 saylovchining imzosini toʻplagan holda deputatlikka nomzodlar koʻrsatishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda navbatdagi parlament saylovi 22 dekabrda boʻlib oʻtadi. Saylov kampaniyasi 20 sentyabrda boshlangan edi. Oʻzbekiston saylov qonunchiligiga muvofiq deputatlikka nomzod fuqarolar faqat siyosiy partiyalar tomonidan taklif etilishi mumkin. Nomzodlarni roʻyxatga olish saylovdan 35 kun oldin toʻxtatiladi.