Kinorejissor Rashid Malikov o‘zbekistonlik tomoshabinlar ixtiyoriga qaysi filmlar qaytarilishi keragu, ular qanday qilib Moskvada paydo bo‘lib qolganligi haqida Sputnik O‘zbekistonga so‘zlab berdi.
Sovet ittifoqi davrida barcha kinostudiyalar uchun “Goskino” tomonidan tasdiqlangan yagona tizim mavjud edi. Reglamentga ko‘ra, har bir badiiy film nusxasi “Gosfilmofond” arxiviga yuborilardi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, yangi kartinalarni kinoarxivlarga yuborishga hojat qolmadi. Ilgari yuborilgan filmlarning nusxalari esa u yo bu sabablarga ko‘ra yo‘qolgan edi. Shu bilan, O‘zbekiston butun boshli madaniy qatlamidan ayrildi qoldi.
Bular Internet paydo bo‘lguniga qadar sodir bo‘lgani uchun, aksariyat filmlar virtual nusxaga ega emas. Ammo bu ijodiy merosni qaytadan tiklash mumkin, albatta. Buning uchun Rossiyaning “Gosfilmofond” arxividagi qolgan o‘zbek filmlarini otsifrovka qilish talab qilinadi.
“O‘zbekkino” milliy agentligining xalqaro bo‘lim boshlig‘i Umid Zununov so‘zlariga qaraganda, vataniga qaytarilishini kutib turgan 300 ta badiiy filmdan tarkib topgan ro‘yxat ishlab chiqilgan.
Rashid Malikov albatta qayta tiklanishi zarur bo‘lgan o‘zbek kinosi durdona asarlari ro‘yxatini agentligimiz uchun maxsus shakllantirib berdi. Bu katalogda, tabiiyki, kommunistik mafkurani madh etgan filmlar yo‘q.
Quyida keltirilgan kartinalarning ayrimlari jahon ekranlarida namoyish qilingan, boshqasi senzura ta’sirida, qayta-qayta “to‘g‘irlanishlar” bilan ko‘rimsiz ahvolga keltirilgan, uchinchilari esa o‘ta cheklangan formatda prokatga chiqqan edi.
“Orzu og‘ushida”(Obyatie mechti): ilk muhabbat mo‘’jizalari
Rejissor Firdavs Zaynutdinovning bu filmi 1986-yil yozuvchi Oybek (Muso Toshmuhamedov) romani asosida rasmga tushirilgan. Kinotasma, o‘z davrida, XIX Butunittifoq kinofestivalida “Eng yaxshi tasviriy va nafis yechim” sovrini hamda Osiyo, Afrika va Lotin Amerika mamlakatlarining IX Xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi ekranizatsiya” mukofotiga sazovor bo‘lgandi.
“Orzu og‘ushida”(Obyatie mechti)” - bu noyob film”, - deydi rejisser R.Malikov. – Unda o‘zbek kinosanoati uchun hayoratomuz eksperimentlar qo‘yilgan, deyish mumkin. Rahmatli Firdavs Zaynutdinov nihoyatda kamtar inson edi, shuning uchun ham u filmini unachalik ham ilgari surishga intilmadi. Film mo‘jizali ilk muhabbat to‘g‘risida bo‘lib, u chuqur lirik hissiyot bilan rasmga tushirilgan”.
“Siz kimsiz?”: be’manilik komediyasi
Bu kinotasma 1989-yil taniqli rejissor va kelgusida yirik rossiyalik kinoprodusseriga aylangan Djanik Fayziyev tomonidan yaratilgan. Film o‘sha yildayoq Kiyevda bo‘lib o‘tgan “Debut” kinofestivalida “Janrdagi izlanishda jasorat uchun” sovrinini va bir yil so‘ngra - 1990-yil huddi shu festivalda bosh mukofotni qo‘lga kiritgan edi.
“Siz kimsiz?” – hajviy va tanqidiy film bo‘lib, u o‘z davri uchun noodatiy shaklda tasvirga olingandi. O‘zbek kinomatografiyasi uchun bu misli inqilob edi.
Internetdagi kinematografik saytlarida “Siz kimsiz?” filmi be’manilik komediyasi sifatida qayd etiladi. Bu tasma to‘g‘risida ko‘p hikoya qilinadiyu, ammo uni aslida kamchilik tomosha qilgan.
“Triptix”: San-Remo kinofestivali g‘olibi
1979 yilda rejissor Ali Hamroyev tasvirga tushirgan bu kartinada urushdan keyingi qishloq sharoitida umr yo‘ldoshlari qaytib kelmagan ayollar turmush tarzi to‘g‘risida hikoya qilinadi. “Triptix” filmi San-Remoda avtorlik filmlari festivalida Gran-prini qo‘lga kiritgandi.
“Hech shubhasiz aytish mumkinki, bu o‘zbek kinofilmlarining shoh asarlaridandir. Kishini tamoman hayratda qoldiradigan hikoya”, - deydi Rashid Malikov.
“Barxan”: cho‘ldagi tortishma
Sanjar Babayev qalamiga mansub ushbu kinotasma “Gosfilmofond”ning 1989-yilgi katalogida o‘rin topgan. Garchi film festivallarda mukofotlarni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, u deyarli barcha qolgan tasmalar orasida eng dong taratganlardandir. Bunday bo‘lganini sababi, balki film avtorlik emas, turmush manzaralarini aks ettirgan kriminal drama bo‘lgani uchundir, deydi suhbatdosh.
“Barxan”- er va xotin dam olishga cho‘l orqali tushirilgan yo‘ldan ketayotganlarida avtomobil buzulib qolishi orqasidan o‘zaro aloqalarni ochiqlashga tushishi va buning natijasi to‘g‘risidagi umuminsoniy hikoya.
“Klinika”: unutilgan debut
Haqsiz unutilgan filmlar qatorida, suhbatdoshimiz Rashid Malikovning o‘zini kinofilmini ham qayd etish joiz.
1989 yil tasvirga olingan “Klinika” nomli Malikovning rejissorlik debuti, o‘z davrida Lenin komsomoli mukofotiga sazovor bo‘lgandi.
Unda shifoxonadagi suiste’molliklarni fosh qilayotgan, haqiqat uchun kurashgan bir shifokor hikoyasi aks etgan. Kinotasma o‘zbek teleekranlarida namoyish qilinsa ham, uning rasmiy otsifrovkaga ehtiyoji bor, albatta