TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Rossiya parlamenti yuqori palatasi rahbari Valentina Matviyenkoning tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida sentabr oyidan buyon O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 10 foizdan ziyodga o‘sganini ma’lum qildi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qilmoqda.
“O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-sotiq jadal rivojlanmoqda. Joriy yilning ilk 10 oyida tovar ayirboshlash hajmi 10 foizdan ziyodga o‘sdi. O‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar oshishi kutilmoqda, - deya qayd etdi Safoyev. – Hozir har ikkala tomondan eksport va import o‘rtasida muayan disbalans mavjud. Rossiya vakillari O‘zbekiston tomonidan o‘rtaga tashlangan mamlakatga ko‘proq Rossiya bozorlari ochilishi kerakligi haqidagi savoliga tushunish bilan yondoshdi. Bu esa Rossiya tomonidan bojxona tartib-qoidalari, fitosanitariya talablarini o‘zgartirishni talab qiladi. Bundan buyog‘iga yeng shimarib ishlaymiz”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlar kengashi O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavotlar yetkazib berish jarayonini soddalashtirish uchun tadbirlar rejasini tayyorlashdi. U O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzovot hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Rossiyaning turli hududlaridagi xaridorlarga yetkazib berish jarayonini tezlashtirish va yetkazib berish hajmini ko‘paytirishga imkon beradi.
Valentina Matviyenko O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvdan so‘ng respublika 2024-yilga qadar Rossiya bilan savdo hajmini 25 milliard dollarga oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, 2018-yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 4,4 milliard dollarga yetgan.