TOShKENT, 2 okt – Sputnik. Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2019-yil 1-oktabrdan boshlab YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan hududlardan tashqari Samarqand shahridagi yer uchastkalari mehmonxonalar qurish uchun “E-IJRO AUKSOIN”da elektron onlayn-auksion orqali jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etiladi.
Shuningdek, shaharning “Universitet hiyoboni”, I. Karimov, A. Navoiy va Pushkin ko‘chalarida xususiy investorlarni jalb qilgan holda 2019-2021 yillarda turizm infratuzilmasi tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra:
- “Bog‘i baland” va “Bog‘i Shamol” bog‘lari joylashgan joyni aniqlash orqali qayta tashkil etiladi va tarixiy qiyofasi qayta tiklanadi;
- “Sheroz qal’a” , “Dobussiya”, Revdat shaharchasi – Kofir qal’a, Afrosiyob shaharchasidagi arxeologik yodgorliklar YuNESKO bilan kelishgan holda restavratsiya qilinadi;
- arxeologik yodgorliklar hududida “ochiq osmon ostidagi” muzeylar tashkil qilinadi va tashrif buyuruvchilarni elektron hisobga olish tizimi joriy etiladi.
2019 yil 1-oktabrdan boshlab, turizm mavsumi davomida (mart-noyabr) “Registon” kompleksi har kuni soat 7:00 dan 24:00 gacha ishlaydi.