TOShKENT, 2 okt – Sputnik. Saudiya Arabistoni kompaniyalari O‘zbekistondagi energetika loyihalariga investitsiya kiritmoqchi.
O‘zbekiston energetika vazirligida Saudiya Arabistoni Qirolligi Hukumatining Xalqaro bitimlar va investitsiyalar bo‘yicha bosh boshqarmasi direktori Badromal Mavgan boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvda tomonlar ikki davlat o‘rtasida energetika sohasidagi salohiyatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekistonda energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun “GSS MEA Ltd” va “Advanced Inspection Services Cooperation” kompaniyalari investitsiyalarini jalb qilish masalalari xususida so‘z yuritilgan.
“Navoiy viloyatida davlat-xususiy sherikligi shartlari asosida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan quyoshli fotoelektr stansiyasini (FES) qurish uchun xususiy sherikni topish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlov savdolari delegatsiyasining alohida qiziqishini uyg‘otdi”, - deyiladi Energetika vazirligi xabarida.
Ushbu loyiha O‘zbekistonda FESni rivojlantirish uchun 1 milliard dollardan ortiq investitsiyalarni jalb qilishga mo‘ljallangan.
“GSS MEA Ltd.” Yaqin Sharqdagi yirik kompaniyalardan biri bo‘lib, u energetika bozorida ko‘p yillik tajribaga ega va sanoat ko‘lamida quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha murakkab loyihalarni amalga oshirishga qodir. “Advanced Inspection Services Co.” (AIS) - sanoat inspeksion kompaniyasi esa yuqori sifatli xizmatlarni ko‘rsatishga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish nazoratini amalga oshiradi.