TOShKENT, 1 okt – Sputnik. O‘zbekiston TIV Anqarada o‘z joniga qasd qilgan o‘zbekistonlik qiz haqida rasmiy ma’lumot berdi.
TIV xabarida qayd etilishicha, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi 2019-yilning 23-sentabr kuni Anqara shahrida O‘zbekiston fuqarosi Nodira Qurbonovaning fojiali o‘limi bilan bog‘liq vaziyat o‘z nazoratida ekanligini ma’lum qilgan.
Anqara shahri prokuraturasi bergan ma’lumotga ko‘ra ayni paytda tergov tadbirlari olib borilmoqda, jumladan, guvohlar so‘roq qilinmoqda, telefon so‘zlashuvlar va elektron yozishlamalar mazmuni o‘rganilmoqda. Tegov organlari sud-tibbiy ekspertiza xulosasini kutmoqda.
Shuningdek, elchixona xodimlari Turkiyada yashaydigan o‘zbek diasporasi vakillarining mazkur masala bo‘yicha savollariga javob bermoqda.
OAVda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, 23 yashar Nodira Qodirova Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi deputati Shirin Unal tufayli o‘z joniga qasd qilgan. Nodira deputatning uyida uning kasalmand rafiqasini parvarishlash bilan band bo‘lgan.
Konsullik huquqiy departamenti marhumaning yaqinlari va oilasiga hamdardlik bildiradi hamda Turkiya, Bolgariya, Iroq, Ruminiya va JAR hududida bo‘lib turgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Anqara shahridagi elchixonasiga (tel.: +90 312-441-17-46, +90 312-441-38-71/72) yoki Istanbul shahridagi bosh konsulxonasiga (tel.: +90 212-323-20-37, +90 212-229-00-75) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.