TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Bugungi kunda “Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani” MChJda 2,7 mingdan ortiq kishi mehnat qiladi, ularning 92 foizdan ortig‘ini o‘zbekistonliklar tashkil qiladi, deya xabar qilmoqda Energetika vazirligi.
Xabarda qayd etilishicha, “Lukoyl” respublikaning bir qator oliygohlari bilan kelgusida o‘z loyihalarida ishlash uchun pullik shartnoma asosida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnik universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent kimoviy texnologiya instituti, Toshkent shahridagi Inha universiteti shular jumlasidan.
Shuningdek, kompaniya “O‘zbekneftegaz” AJ bilan malakali kadrlar tayyorlash borasida ham hamkorlik qiladi. 100 dan ortiq O‘zbekiston neft va gaz sohasi mutaxassislari quduqlarni burg‘ulashning zamonaviy usullari, neft va gaz qazib olish, sanoat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish, neft va gaz konlarini qidirishning zamonaviy texnologiyalari (geofizik usullar) kabi sohalarda “Lukoyl guruhi” korxonalarida Rossiyada amaliyot o‘tashdi.
Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha samarali ishlarning natijasida o‘zbekistonlik mutaxassislar avgust oyida Komi Respublikasida (Rossiya) bo‘lib o‘tgan “Lukoyl guruhi” tashkilotlarining kasbiy mahorat tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib, etib faxrli o‘rinlarni egallashdi.