O‘zbekiston investorlarni mamlakat energetika sohasini rivojlantirishga chorlamoqda

Obuna bo‘lish
Energetika vaziri o‘rinbosari chet ellik investorlarni eng so‘nggi texnologiyalar bilan kelishga chorladi.

TOShKENT, 21 sen - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston xorijiy investorlarni mamlakat energetika sohasini rivojlantirishga chorlamoqda. Bu haqda kuni kecha bo‘lib o‘tgan MOMIHga a’zo davlatlar energetika vazirlari yig‘ilishida O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev aytib o‘tdi.

Zamministra energetiki Uzbekistana Sherzod Xodjayev - Sputnik O‘zbekiston
Markaziy Osiyo yagona energiya halqasi qachon ishga tushiriladi - Xodjayev javobi

"Investorlar O‘zbekistonning energetika sohasiga investitsiya kiritishlari uchun bir nechta sabablar mavjud. Birinchidan - bu kafolatlangan bozor. Elektr energiyani sotishda hech qanday katta raqobat bo‘lmaydi. Ikkinchidan, davlat ikkita narsani kafolatlaydi - ishlab chiqarilgan elektr energiya to‘liq hajmda sotib olinadi hamda investitsiya qilingan mablag‘laringizga hech kim tegmaydi. O‘zbekistonga kelgan investor o‘z investitsiyalarini to‘liq qaytarib oladi va ko‘zlagan daromadiga ega bo‘ladi", - dedi Xodjayev.

Energetika vaziri o‘rinbosari shuningdek, investorlarni eng so‘nggi texnologiyalar bilan kelishga chorladi.

"Agar bu texnologiyalar gaz yoqishga asoslangan bo‘lsa, kelinglar, eng so‘nggi klassdagi, eng yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan turbinalarni quraylik. Agar quyosh energetikasi haqida gapirayotgan bo‘lsak, u holda, eng so‘nggi klassdagi panellarni qurish haqida reja tuzaylik, chunki bu loyihalarning barchasi 20-25 yil istiqbolga mo‘ljallanmoqda", - deb qayd etdi Xodjayev.

Shuningdek, O‘zbekiston har bir investor uchun ochiq ekanligi, hatto izlanish olib borishning zarurati yo‘qligi ta’kidlab o‘tildi.

"Biz barcha zarur ma’lumotlarni taqdim etamiz. Xoh u regionlar bo‘yicha iste’mol prognozlari bo‘lsin, xoh quyosh radiatsiyasi yoki shamollar xaritasi - barcha zarur bo‘lgan ma’lumotlar beriladi. Bu kabi ishlar uchun vaqt ketkazish yoki chetdan maslahatchilar yollashning keragi yo‘q. Muzokaralar stoliga o‘tirib, loyihani hayotga tatbiq etishni boshlash kerak, xolos", - dedi vazir o‘rinbosari. 

Yangiliklar lentasi
0