TOShKENT, 17 sen - Sputnik. Kecha 16-sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifani qabul qildi, prezident matbuot xizmati xabariga asosan.
Uchrashuvda Osiyo futbol konfederatsiyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda futbol bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon va qit’a birinchiliklarini tashkil etish uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Konfederatsiya O‘zbekistonda xalqaro darajadagi futbol infratuzilmasini yaratish, uslubiy ta’minot, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali mutaxassislar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlashda ko‘magini davom ettirishi muhim ekani ta’kidlandi.
OFK prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda ommaviy sportni targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan siyosatni, jumladan, futbol rivoji qo‘llab-quvvatlanayotganini yuksak baholadi.
Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirishda qat’iy ekani hamda amaliy hamkorlikka qaratilgan yangi dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 1994-yildan buyon konfederatsiya a’zosi hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu tashkilot bilan birgalikda futbolni rivojlantirish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, ayollar futbolini taraqqiy ettirish, xalqaro musobaqalarni o‘tkazish va boshqa ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘plab tadbir va dasturlar amalga oshirilmoqda.