TOShKENT, 25 sen – Sputnik. Ertaga, 26-sentabr kuni Toshkentda ilk bor Osiyo Futbol konfederatsiyasi ijroqo‘mining majlisi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda O‘FA.
Ushbu munosabat bilan, ayni damda O‘zbekiston poytaxtiga futbol olamining nufuzli mehmonlari birin ketib yetib kelmoqda.
“26 sentabr kuni Toshkent shahri ushbu yig‘ilishga mezbonlik qiladi. Shu munosabat bilan 24-25 sentabr kunlari FIFA hamda OFKning martabali mehmonlari Toshkent shahriga tashrif buyurishadi. Ayni vaqtda OFK Bosh kotibi Dato Vindsor Jon va Osiyo futbol konfederatsiyasi Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa Toshkentga yetib keldi”, - deyilgan xabarda.
OFK Ijroqo‘mining navbatdagi yig‘ilishining aynan O‘zbekistonda o‘tkazilishi, OFK hamda O‘FA o‘rtasidagi aloqalar mustahkamligi yo‘lida navbatdagi qadam vazifasini o‘tab beradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse Prezidenti Umid Ahmadjonov hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifaning Rossiyadagi Jahon chempionati paytidagi uchrashuvlari chog‘ida OFK Ijroqo‘mining navbatdagi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazish uchun kelishib olishgan edi.
Yig‘ilish Toshkent shahridagi “International” mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi.