TOSHKENT, 16 sen - Sputnik. Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ikkiyoqlama hamkorlik doirasida Oʻzbekiston va RF parlamentlari oldida turgan muhim vazifalar haqida gapirdi.
Rossiya parlamenti qonunchilik palatasi raisining soʻzlariga koʻra, Rossiya va Oʻzbekiston bugungi kunda hamkorlikning mustlaqo yangi bosqichiga chiqqan, deputatlar esa faqatgina bu aloqalarning kelgusidagi rivojini taʼminlashlari lozim.
"Oʻzaro tovar aylanmamiz 4,4 milliard dollarga yetdi. Bu koʻrsatkichni 10 milliardga yetkazishni rejalashtiryapmiz. Siyosiy aloqalarimiz darajasi ham ancha yuqori - soʻnggi yillarda davlat rahbarlari oʻrtasida 11ta uchrashuv boʻlib oʻtgan. Shu vaqtga qadar koʻplab ishlar amalga oshirildi, ammo bu avvalo davlatlarimiz yetakchilari sharofati bilan, shu bois, endilikda Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari ham oʻzaro munosabatlar rivojiga hissa qoʻshishlari kerak. Bizning vazifamiz - yuqori darajada boʻlgan kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishini qonun darajasida taʼminlashdan iborat", - deb qayd etdi Volodin Sputnik Oʻzbekistonga bergan intervyusida.
U shuningdek, Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida Rossiya delegatsiyasi Oliy Majlis va Senatdagi hamkasblari bilan birgalikda partiya qurilishi, maʼmuriyatchilik va byudjetni boshqarish masalalarini muhokama qilishganini qoʻshimcha qildi.
Ikki davlat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolangan, bu esa aniq masalalarning yechimini topish uchun zarur tuzilmalarni tashkil etish va munosabatlarni rivojlantirishga imkon yaratadi.
"Shu paytga qadar Qozogʻiston, Hindiston, Turkiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar bilan shunday turdagi - parlamentlararo komissiya hamkorligi mavjud edi. Endilikda bu tajribani Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlariga koʻchirmoqchimiz", - deb qoʻshimcha qildi Davlat dumasi spikeri.
Volodinning soʻzlariga koʻra, Rossiya dekabrda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan parlament saylovlariga oʻz kuzatuvchilarini yuborish toʻgʻrisidagi taklifnomani olgan.
"Oldinda juda koʻp loyihalarimiz bor. Eng avvalo, qonunchiligimizni uygʻunlashtirish, shuningdek, tavsiya xarakteriga ega boʻlgan qonunlarni yaratish ustida ish olib borishimiz kerak. Davlatlarimiz oldida yechimi faqatgina hamkorlikka bogʻliq boʻlgan umumiy masalalar va chaqiriqlar turibdi", - deya xotima qildi Volodin.