TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Kaliningradda bir erkakni shafqatsizlarcha o‘ldirishda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olindi. OAV tarqatgan xabarlar ko‘ra, o‘ldirilgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi.
Rossiya TQning mintaqa bo‘yicha tergov boshqarmasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, 10-sentabr kuni kechqurun 24 yoshli mahalliy fuqaro Kaliningradning Pavlik Morozov ko‘chasidagi tashlandiq bog‘da do‘stlari bilan spirtli ichimlik iste’mol qilgan. U yerda go‘yoki uning xatti-harakatlari yoqmagan notanish erkakni ko‘rgan.
Gumon qilinuvchi uni belkurak bilan bir necha marta urgan, so‘ngra do‘stlarining oldiga qaytib kelgan.
Tunni voqea joyiga yaqin joyda joylashgan tanishining garajida o‘tkazgan, ertalab esa o‘zi do‘pposlagan erkakni o‘lik holda topgan.
“Jinoyat izlarini yashirish uchun u marhumning jasadini yaqin atrofda joylashgan biohojatxona kabinasiga joylab, yoqib yuborgan, shundan so‘ng voqea joyidan yashiringan”, - deyiladi xabarda.
Xabarda ta’kidlanishicha, halok bo‘lgan fuqaroning shaxsi aniqlangan. U 46 yoshda bo‘lgan. Sud tibbiy ekspertlarining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, erkak bosh miya yopiq jarohati tufayli vafot etgan.
Voqea yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (“Qasddan odam o‘ldirish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.