TOShKENT, 9 sen — Sputnik. O‘zbekistonlik yuk haydovchilari avtomobillarining 7-sentabr kuni Qozog‘iston Respublikasining Atirau shahri hududida noma’lum shaxslar tomonidan tosh otib, shikast yetkazilganligi holati bo‘yicha Transport vazirligi bayonot berdi
Xabarda aytilishicha, vazirlik vaziyatni nazoratga olish va ro‘y bergan holatga oydinlik kiritish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Aqtau shahridagi bosh konsuli bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgan.
Ayni damda ushbu holat O‘zbekiston Respublikasining Aktau shahridagi bosh konsulligi nazoratiga olindi. Ro‘y bergan hodisa yuzasidan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ish olib bormoqda.
“7 sentabr kuni ro‘y bergan hodisaga batafsil oydinlik kiritish maqsadida jabrlangan haydovchilarni O‘zbekiston Respublikasining Aqtau shahridagi bosh konsulining + 7777 599 00 50 telefon raqamiga murojat qilib ariza qoldirishlarini so‘raymiz”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, bugun ijtimoiy tarmoqlar o‘zbekistonlik yuk haydovchilari avtomobillarining Qozog‘istonning Atirau shahri hududida noma’lum shaxslar tomonidan toshbo‘ron qilingani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.