TOShKENT, 9 sen – Sputnik. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi fuqaro bir nechta firibgarlik jinoyatini sodir etgani aniqlandi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, toshkentlik fuqaro o‘zini sayyohlik firmasi rahbari sifatida tanishtirib, chet tillarini yaxshi o‘zlashtirgan bir guruh fuqarolarni aldagan. Ularni turistik shaharlarga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlarga tarjimonlik qilish bilan shug‘ullanadigan ishga joylashtirib qo‘yishini, buning uchun kunlik 100-150 dollar miqdorida maosh olishlari to‘g‘risida yolg‘on va’dalar berib, ulardan turli miqdordagi pullarni qo‘lga kiritib, firibgarlik jinoyatini sodir etgan.
Xabarda qayd etilishicha, firibgar uch nafar samarqandlik ayolni aldov yo‘li bilan Buxoro shahriga chaqirtirgan. Buxoro shahridagi “Nurefshan” mehmonxonasida ulardan jami 3,1 mln va 50 dollar naqd sanab olgan.
Shuningdek, “Nurefshan” mehmonxonasi rahbariga o‘zini sayyohlik firmasi rahbari sifatida tanishtirib, mazkur mehmonxona xizmatlaridan sayyohlik firmasi rahbari sifatida imtiyozli ravishda foydalangan. Natijada ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan 1 680 000 so‘mdan 1 320 000 so‘mini to‘lamasdan juftakni rostlagan.
Bu bilan uning jinoyat olamidagi “sayohati” o‘z nihoyasiga yetmagan. Fuqaro buxorolik yana bir ayolni aldab, uni Xorazm viloyati Urganch shahriga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlarga tarjimonlik qilish bilan shug‘ullanadigan ishga joylashtirib qo‘yishini aytgan. Buning uchun kunlik 100 dollar miqdorida maosh olishi to‘g‘risida yolg‘on va’dalar berib, uni Urganch shahriga chaqirtirgan. 16-avgust kuni Urganchdagi avtoturargohda 400 000 so‘m pullarni aldov yo‘li bilan olib, ushbu pullarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston JKning 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.