TOShKENT, 9 sen – Sputnik. O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov “Ozodlik” radiosi tomonidan yo‘l qo‘yilgan bir qator kamchiliklar borasida AQSh Global Media agentligiga o‘z tashvishini bildirgan edi.
AQSh Global Media agentligining “Ozod Yevropa/Radio Ozodlik” radiosi - RFE/RL direktori Jeymi Flay Allamjonov bayonotiniga izoh berdi.
“RFE/RLning qayta tayinlangan prezidenti va bosh ijrochi direktori Jeymi Flay «Ozod Yevropa/Radio Ozodlik» radiosi o‘zbek xizmati faoliyati bilan bog‘liq tashvishlar yetkazilgani uchun minnatdorchilik bildirdi va keltirilgan faktlarni batafsil o‘rganishini ta’kidladi”, - deyilgan xabarda.
Ma’lumot uchun, USAGM – Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumatining mustaqil agentligi bo‘lib, uning tarkibiga «Amerika ovozi», «Ozod Yevropa/Radio Ozodlik» radiosi (RFE/RL) va boshqa radioeshittirish tuzilmalari kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov «Ozod Yevropa/Radio Ozodlik» radiosi o‘zbek xizmatining ish uslubiga nisbatan o‘z xavotirini bildirgan va ushbu radioeshittirishlar tashkilotining O‘zbekiston bilan bog‘liq faoliyatida noxolislik va noprofessionallik mavjudligini qayd etgan edi.
Shuningdek, Agentlik direktori «Ozodlik» radiosi tomonidan aldamchilik bilan axborot yig‘ish, audioyozuvlarni soxtalashtirish va «soxta akkaunt»lardan asossiz ma’lumotlarni tarqatish uchun foydalanish holatlarini aytib o‘tgan edi.