TOShKENT, 9 sen – Sputnik. Atom elektr stansiyasi qurilishi uchun tanlangan joy MAGATE talablariga javob beradi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati.
“Biz har biri 250 betli bo‘lgan 18 tomdan iborat hisobotni topshirdik. MAGATE ning o‘ta qat’iy talablaridan har biri bo‘yicha 1000 ta dalil keltirildi. MAGATE tomonidan ular mavjud bo‘lgan taqdirda AES qurilishi muammoli bo‘ladigan 15 ta “nomaqbul omil” keltirilgan. Bizning maydonchamiz esa – ularning 14 tasidan xoli. Bu dunyoda kamdan kam hollarda uchraydi. 15- omil – yer osti suvlarining yer sathidan 6-12 metr chuqurlikda joylashuvi muhandislik usuli bilan oson hal qilinadi, – dedi «Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri davlat loyiha ilmiy tadqiqot instituti» davlat unitar korxonasi bosh direktori Yo‘ldosh Ma’rupov.
2019 yil 4-sentabrida o‘zbekistonlik blogerlar, jurnalistlar, energetika sohasi va turdosh sohalar mutaxassislari va boshqa manfaatdor shaxslar uchun Jizzax viloyatining Forish tumani Tuzkon ko‘li yaqinidagi AES qurilishi uchun tanlangan ustuvor maydonga press-tur uyushtirildi.
Tur davomida ishtirokchilar O‘zbekistonda AES qurilishi istiqbollari bilan tanishdi, qurilish joyida olib borilayotgan muhandislik-qidiruv ishlarining ikkinchi bosqichi haqida axborot oldi.
Ayni damda AES qurilishi rejalashtirilayotgan maydonda Rossiyaning “Atomstroyeksport” korxonasi va “OzGashkLITI” DUK mutaxassislari ushbu hududda geofizik va seysmologik ishlarni olib bormoqda. Tadqiqot natijalari o‘rganib chiqiladi va ularning asosida atom elektr stansiyasining texnik ishlanmasi davom ettiriladi.
Ustuvor maydondagi muhandislik tadqiqotlarini 2019-yilning oxirigacha tugallash rejalashtirilgan, ularning natijalari Atrof-muhitga ta’sirini baholash (AMTB) asosini tashkil etadi.
Ishlar rejasiga muvofiq 2020-yilning oxirigicha AMTB ishlab chiqiladi va jamoat eshituviga qo‘yiladi. Yuqorida tilga olingan muhandislik-tadqiqot ishlari natijalariga ko‘ra, mazkur maydonga ruxsat olish uchun tegishli materiallar yadroviy va radiatsion xavfsizlik organi – Davlat sanoat xavfsizligi qo‘mitasiga yuboriladi, deyilgan xabarda.