TOSHKENT, 6 sen - Sputnik. Qrim rahbari Sergey Aksyonov Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga Qrimga kelishni va yarimorol aholisi fikriga quloq tutishni maslahat berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, barcha ukrain siyosatchilari yarimorol Rossiya tarkibiga kirganini tan olishlari kerak va bu hamisha shunday boʻlib qoladi.
“Ular buni qanchalik tezroq anglab yetsalar, Ukraina va bizga ham shunchalik yaxshiroq boʻladi. Zelenskiy haqida toʻxtaladigan boʻlsak... ularning Yaltada kvartiralari bor, marhamat, keling. Bu yerda nimalar roʻy berayotganini koʻring. Odamlarga savol berib, soʻrab koʻring – ular Ukrainaga qaytishni xohlashadimi”, - deya Qrim rahbari soʻzlaridan keltiradi RIA Novosti.
Shuningdek, u aholi fikrini tinglab, kerakli xulosani chiqarish kerakligini qoʻshimcha qilgan.
Qrim Ukrainada yuz bergan davlat toʻntarishidan soʻng 2014 yil mart oyida oʻtkazilgan referendum yakunlariga koʻra Rossiya tarkibiga kiritildi. Referendumda yarimorolning aksariyat aholisi Rossiya tarkibiga kirish uchun ovoz berdi. Rossiya va Qrim qoʻshilishi uchun 96,77% qrimliklar va 95,6% Sevastopol aholisi ovoz berdi.
Moskva yarimorol aholisi demokratik yoʻl, xalqaro huquq va BMT Nizomiga muvofiq qaror qabul qilganini bir necha bor taʼkidladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning soʻzlariga koʻra, Qrim masalasi uzul-kesil hal qilingan.