TOShKENT, 4 sen - Sputnik. 16-21 sentabr kunlari "Markaz – 2019" yirik masshtabdagi strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlari o‘tkaziladi, deb xabar qilmoqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.
Mashqlarda yetti mamlakat – Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning harbiy kontingenti qatnashadi.
Mashqlarning birinchi bosqichida O‘zbekistonda - Namangan viloyatida joylashgan "G‘urumsaroy" poligonida o‘tkaziladi.
Bunda O‘zbekiston va Tojikiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari "Markaz – 2019” yirik masshtabdagi strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlari doirasida hamkorlikdagi qo‘shma mashg‘ulotlarni o‘tkazadi.
Besh kun davom etadigan mashg‘ulotlarda Tojikiston Qurolli Kuchlaridan ikki yuzga yaqin harbiy xizmatchi ishtirok etadi, shuningdek, O‘zbekiston Mudofaa vazirligining bir qator bo‘linmalari va harbiy boshqaruv organlarining harbiy xizmatchilari qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Namangan viloyatining to‘rli hududlarida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar davomida shartli terrorchilar yo‘q qilinishi rejalashtirilgan. O‘quv mashg‘ulotlarining ikkinchi bosqichida esa O‘zbekiston va Tojikiston Qurolli Kuchlari harbiy kontingenti hamkorlikdagi harakatlarini Rossiya Federatsiyasining Orenburg viloyatida joylashgan “Donguz” poligonida amalda qo‘llashi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Tojikiston harbiy xizmatchilari 2018-yilning 18-22 sentabr kunlari Tojikistonning "Chorrux-Dayron" o‘quv markazi va "Nurafshon" poligonida hamkorlikda mashg‘ulotlar o‘tkazishgan edi.