TOShKENT, 2sen – Sputnik. So‘nggi vaqtlarda Qirg‘izistonda ham o‘zbekistonlik migrantlar soni ko‘payayotganini ko‘rish mumkin. Ushbu munosabat bilan Qirg‘izistonda o‘zbekistonliklar uchun patent joriy etish rejalashtirilmoqda, Sputnik Qirg‘iziston xabariga asosan.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo hududidagi aholining teng yarmi O‘zbekistonda yashaydi. O‘zbekistonda bugungi iqtisodiy vaziyat esa ko‘pchillikni xorijiy mamlakatlarda ish qidirishga majbur qilmoqda.
Xususan, bugungi kunda O‘zbekistonning 2,6 – 3 million aholisi Rossiya, Qozog‘istonda vaqtincha ishlashga majbur bo‘lmoqda.
“Qirg‘iziston Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zo bo‘lganidan so‘ng, ushbu mamlakat aholisi uchun Rossiyada keng imkoniyatlar ochildi. Xususan ular bu yerda patent rasmiylashtirmasdan ishlash huquqiga ega bo‘lishdi”, - deydi Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Kubat Raximov.
So‘nggi vaqtda Qirg‘izistonda kuzatilayotgan holat shundan iboratki, ushbu mamlakatga qo‘shni O‘zbekistondan tobora ko‘proq kishi mehnat qilish uchun kelmoqda. Ular asosan eng og‘ir mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari yoki qurilishlarda ishlashadi.
Bosh vazir o‘rinbosari ushbu holatni Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi vaziyatga o‘xshatdi. Litva va Latviya aholisi ish qidirib Yevropaga ketgan bo‘lsa, ukrainaliklar u yerga kelib ishlamoqda.
Aksariyat qirg‘izistonliklar ish qidirib Rossiyaga ketgan bir vaqtda O‘zbekistonliklar Qirg‘izistonga kelib ishlamoqda.
Ushbu vaziyatda Kubat Raximov Qirg‘izistonga kelib ishlaydigan O‘zbekiston fuqarolari soliq to‘lashlari kerak va ular uchun patent joriy etish kerak deb hisoblaydi.