TOShKENT, 30 avg - Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlandi. Tegishli hujjat "O‘zA"da e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-iyun kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev faoliyatini boshqa senatorlarga o‘rnak qilib ko‘rsatgan edi.
Mirziyoyev o‘shanda "katta hayotiy va senatorlik tajribasiga ega Sodiq Safoyev xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan ko‘pqirrali va samarali hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, mamlakatda olib borilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi tub islohotlarning ma’no-mazmunini jahon jamoatchiligiga yetkazishda jonbozlik bilan faoliyat ko‘rsatmoqda", - deya alohida ta’kidlab o‘tgan edi.
Safoyevdan tashqari yana bir guruh shaxslar va davlat xizmatchilari, jumladan, O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov ham ushbu orden bilan taqdirlangan.