TOShKENT, 30 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir nechta muhim tayinlovlarni amalga oshirdi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilingan.
Xususan, hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan va shu munosabat bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Avvaliga eng yosh vazir o‘rinbosari, so‘ngra Yoshlar Ittifoqi Markaziy kengashi rahbari o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritgan Alisher Sa’dullayev esa farmonga binoan O‘zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va kadrlar zaxirasi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Umar Ismailov ham o‘z vazifasidan ozod etilgan hamda O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.