TOSHKENT, 27 avg - Sputnik. Oʻzbekistonlik Guli Muradovaga uylangani uchun katta shov-shuv va munozaralarga sabab boʻlgan britaniyalik lord Muhammad Iltaf Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivaliga taklif etilgan faxriy mehmonlar safida koʻrinish berdi. Sputnik muxbiri xabariga asosan.
26 avgust kuni Samarqand shahri markazi - Registon maydonida anʼanaviy xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi va nutq soʻzladi.
Davlat rahbari oʻz chiqishida mehmonlarni qutlar ekan, Britaniya parlamenti lordlar palatasi aʼzosi Muhammad Iltaf shayxni ham Oʻzbekistonda koʻrishdan mamnunligini bildirib, minnatdorlik izhor etdi.
Britaniyalik lord, multimillioner Muhammad Iltaf oʻzidan 45 yosh kichik boʻlgan oʻzbekistonlik Guli Murodovaga uylangach, internet olamida mashhur ketgan edi. Kimdir bu juftlik ittifoqini "maʼlum manfaatni koʻzlangan nikoh" deya taʼriflagan boʻlsa, yana kimdir ularga chin yurakdan baxt tilagan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda avj olgan shov-shuvli munozaralardan soʻng ledi Guli Muradova ommaga murojaat qilib, lord Iltafga oʻz xohishi bilan turmushga chiqqanligi va bu qarorni qabul qilishda uning boyligi hech qanday ahamiyat kasb etmaganini maʼlum qilgan edi.
Aytish joizki, Muhammad Iltaf Oʻzbekistonda bundan avval ham bir necha marotaba boʻlgan va respublikadagi rahbarlar bilan uchrashgan. Xabarlarga koʻra, lord Buyuk Britaniya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash ishlarida faol ishtirok etib keladi.