TOShKENT, 27 avg - Sputnik. O‘zbekiston hukumati Rossiyaning bir qator hududlari bilan mehnat migrantlariga patent berish tizimini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib borishga qaror qildi. Bu haqida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida joylashtirilgan yangi qonun loyhasida xabar qilingan.
“2020 yilning 1-martiga qadar Rossiya hududlari rahbariyati bilan Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat qilish huquqini beruvchi hujjat (patent) berish huquqiga ega bo‘lgan muassasa va tashkilotlar filiallarini O‘zbekistonda ochish to‘g‘risida muzokaralar olib borilsin”, - deyilgan qonun loyihasi matnida.
Muzokaralar olib borish uchun istiqbolli hududlar ro‘yxatiga Rossiyaning 10ta hududi kiritilgan: Tatariston, Primorsk o‘lkasi, Sankt-Peterburg, Krasnoyarsk, Novosibirsk, Rostov, Leningrad va Sverdlov viloyatlari, shuningdek Xanti-Mansiysk va Yamalo-Nenesk avtonom okruglari.
Shuningdek, hujjatda mahalliy hokimiyatlar va taaluqli davlat muassasalari ana shunday Migratsiya markazlari tashkil qilishda, xususan ularga binolarni bepul berish hamda mehnat migrantlariga hujjat tayyorlashda yordam ko‘rsatishi kerakligi aytib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yilning may oyida Urganchda bo‘lib o‘tgan, O‘zbekiston va Rossiya hukumatlararo komissiyalari muzokaralari davomida O‘zbekiston hududida Migratsiya markazi ochish masalasi muhokama qilingan edi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda aholisi 33,5 million kishi bo‘lgan O‘zbekistonning 2,6 million fuqarosi xorijiy mamlakatlarda mehnat faoliyati olib boradi. Ulardan 2 millioni – Rossiya hududida.