TOShKENT, 26 avg – Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp “Katta yettilik” mamlakat yetakchilari bilan Rossiyaning sammitga qaytishi borasidagi masala yuzasidan janjallashib qoldi. Bu haqda RIA Novosti Guardian nashriga tayanib xabar qildi.
Xabarda yozilishicha, Biarris shahridagi sammitda “Katta yettitalik”ning boshqa ishtirokchilari Donald Trampning taklifini qo‘llab-quvvatlamagan va qizg‘in bahs boshlagan.
Tramp hamkasblarining dalillariga rozi bo‘lmagan. AQSh prezidenti, xususan, Eron, Suriya va KXDR muammolarini hal etish uchun “Rossiya zalda bo‘lishi shart”ligini ta’kidlagan.
Ta’kidlanishicha, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe betaraflik bildirgan, Tramp taklifini Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte qo‘llab-quvvatlagan. G7᾽ning boshqa yetakchilari, jumladan, Yevrokengash raisi Donald Tusk Rossiyaning “Katta sakkizlik”ka qaytishiga qarshi chiqishgan.
“O‘shanda, yumshoq qilib aytgandi, vaziyat taranglasha boshladi”, - deyiladi xabarda.
RIA Novostining Yevropa Ittifiqidagi manbasi kechki ovqat vaqtida Rossiyaning “katta sakkiztalik” ka taklif qilish ehtimoli muhokama qilingani ma’lum qildi, biroq Biarrisda G7 yetakchilari Moskvani qaytarish to‘g‘risida kelishuvga erishishmagan.