TOShKENT, 22 avg – Sputnik. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiyaning G8᾽ga qaytishini Qrim va Donbass bilan bog‘lagan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga izoh berdi.
Zelenskiy Facebook᾽dagi sahifasida Qrim “qaytarilishi”, Donbassdagi mojaroni tartibga solish va qo‘lga olingan dengizchilarni ozod qilish “Rossiya oliy diplomatiya kun tartibida yana o‘z o‘rnini egallashga tayyorligi haqida dunyoga haqiqiy jiddiy xabar” bo‘lishini yozgan.
“Xabarlar to‘g‘risida. Ularni sizdan kutishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda emas, balki amalda”, - deya qayd etgan Zaxarova.
Mariya Zaxarova “oliy diplomatiya”dan xalqaro maydonlar nazarda tutilsa, ulardan eng oliysi BMT Xavfsizlik kengashi ekanligini ta’kidlagan. U Rossiya ushbu kengashda jahon siyosatining kun tartibini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etishini qayd etgan
Shuningdek, diplomat Ukraina BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan Minsk kelishuvlarini bajarishga majbur ekanini eslatib qo‘ygan.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Fransiya yetakchisi Emmanuel Makronning 2020-yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan G7 sammitiga Rossiyani taklif qilish haqidagi taklifiga rozilik bergan edi. Tramp bu masalani Biarritsedagi G7 sammitida ko‘tarishi kutilmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin, o‘z navbatida, Rossiya “Katta yettilik” mamlakatlari bilan har qanday hamkorlikni foydali deb hisoblaydi va G8 formati qayta tiklanishini istisno qilmaydi.
“Katta sakkizlik” formati 1998-yildan buyon mavjud edi. 2014-yilda Qrimdagi hodislar foni klub ishtirokchilari Sochida rejalashtirilgan navbatdagi sammitga kelmaslikka qaror qilishgan. G‘arb davlatlari Rossiyani Ukrainaning ichki ishlariga aralashishda ayblashib, sanksiyalar joriy etishgan. Moskva javob choralarini qo‘llagan va barcha ayblovlarni rad qilib kelgan. So‘nggi paytlarda G‘arbda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish zarurligi to‘g‘risidagi fikrlar tez-tez yangramoqda.
Qrim Ukrainada yuz bergan davlat to‘ntarishidan so‘ng 2014-yil mart oyida o‘tkazilgan referendum yakunlariga ko‘ra Rossiya tarkibiga kiritildi. Referendumda yarimorolning aksariyat aholisi Rossiya tarkibiga kirish uchun ovoz berdi. Rossiya va Qrim qo‘shilishi uchun 96,77% qrimliklar va 95,6% Sevastopol aholisi ovoz berdi.
Moskva yarimorol aholisi demokratik yo‘l, xalqaro huquq va BMT Nizomiga muvofiq qaror qabul qilganini bir necha bor ta’kidladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, Qrim masalasi uzul-kesil hal qilingan.