TOShKENT, 26 avg – Sputnik. AQSh kompaniyasi Navoiy shahrida Klinik-diagnostik va sinov laboratoriyasi quradi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Laboratoriya “hududdagi bemorlarni davolashda va diagnostika qilishda zamonaviy metod va texnologiyalarni joriy etish uchun xizmat qiladi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, yangi loyihani amalga oshirish uchun hududga 24 million dollar sarmoya kiritiladi va 200ta ish o‘rinlari yaratiladi.
Bugungi kunda loyihani amalga oshirish ildam qadamlar bilan davom etmoqda. Xorijiy investor Navoiy shahrida allaqachon “US SCIENTIFIC NAVOI” MChJ joriy etgan. Undan tashqari, hokim qarori bilan Navoiy shahri markazida loyihani amalga oshirish uchun 0,75 gektar yer maydoni ajratilgan.
Xorijiy investor, “US Inc.” Kompaniyasi rahbari Mark Vinter may oyida Navoiy viloyat hokimi va avgustda AQShdagi O‘zbekiston elchisi Javlon Vaxabov bilan uchrashib loyihani amalga oshirish niyati qat’iy ekanini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, bir necha yil oldin, Rossiya hududida kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan xorijiy kompaniyalar tomonidan moliyalashtirilgan laboratoriyalar inson biomateriallarini va DNKsiga xos ma’lumotlarni jamlash faktlari aniqlangan edi. Shundan so‘ng maxsus xizmatlar Rossiya hududida har qanday ko‘rinishda biomaterillar jamlashni o‘z nazorati ostiga olgan edi.
Undan tashqari, 2017 yilning 18-iyulida AQSh Havo-harbiy kuchlari boshqarmasi rossiyalik kishilarning Ribonuklein kislotasi (RNK) va inson suyagi bo‘g‘imining sinovial kislota ishlab chiqaruvchi qatlami namunalari jamlashi haqida gazetaga e’lon bergan edi. Ushbu voqea katta shov-shuvlarga sabab bo‘lib, Rossiya tomonidan bunga qarshi norozilik bildirilgan edi.
Ma’lumot uchun, RNK — Inson tanasidagi eng asosiy uchta makromolekulalardan biri. Qolgan ikkitasi DNK va oqsil molekulalaridir. Turli millat, turli irq vakillarida ular turli turli ko‘rinishda bo‘ladi. Agar aynan bir xildagi DNK, RNK yoki oqsil molekulasiga zarar yetkizuvchi virus yetishtirilsa, uning yordamida faqat ma’lum bir millat yoki irq vakillariga ta’sir qiluvchi biologik qurol ishlab chiqarish mumkin.