TOShKENT, 14 avg — Sputnik. Qozog‘istonning “Otar” bazasi poligonida minomotchilar hisobi o‘rtasida o‘tkazilgan “Artilleriya olovi ustalari” xalqaro tanlovining yakuniy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar qildi.
Qozog‘iston jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Rossiyaga nasib etdi.
Tanlov bosqichlari: “Individual poyga”, “Tungi sprint” va “Estafeta”. Texnikalar: 120 millimetrli 2B11 minomot, ko‘p maqsadli yengil tagach va zirhlangan MT-LB mashinasi.
Tanlovda Armanston, Belarus, Venesuela, Ozarbayjon, Zimbabve, Eron, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Suriya, Tojikiston va O‘zbekiston jamoalari birinchilik uchun o‘zaro kurashdi.
O‘zbekistonlik minomotchilar 1- va 2-bosqichlardagi natijalariga ko‘ra, Ozarbayjon va Belarus jamoalari bilan bir qatorda umumjamoa hisobida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
So‘nggi “Estafeta” bosqichida esa Qozog‘iston va Rossiya jamoalari birinchi va ikkinchi o‘rinda bo‘lib oldi. O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar esa kuchli uchlikka kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva viloyatidagi “Alabino” poligonida O‘zbekiston jamoasi “Tank biatloni” musobaqasining ikkinchi divizionidagi yarim final bahslarida yaxshi natija ko‘rsatib, finalga yo‘l olgani xabar qilingan edi.