Toshkentda Qurbon hayiti o‘zgacha shukuh, ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlanmoqda. Erta tongdan O‘zbekistondagi jome masjidlarida Qurbon hayiti namozi ado etildi. Toshkentdagi Hazrati Imom jome masjidi ham erta tongdan musulmonlar bilan gavjum bo‘ldi.
Qurbon hayit – musulmonlarning eng ulug‘ bayrami hisoblanadi.
Bayram kuni tong sahardan musulmonlar tahorat qilib, toza kiyim kiyishadi. Keyin masjidga borib namoz o‘qishadi. Namozdan so‘ng qurbonlik qilinadi va bayram dasturxoni yoziladi. Qurbonlikdan barcha qo‘shnilarga, kambag‘al va nochorlarga tarqatiladi.
Qurbon hayiti kunlarida barcha musulmonlar bir-birlarini muborakbod etadilar. Qarindosh-urug‘larni borib ko‘rish, yoru birodarlarni ziyorat qilish, beva-bechoralar holidan xabar olish kabi ishlar ushbu kunda savobi ulug‘ amallardan hisoblanadi. Biror sababga ko‘ra arazlashgan, gina-kudratli tanish-bilishlar ham xuddi shu muborak ulug‘ kunlarda bir-birlariga quchoq ochsalar, o‘zaro uzr so‘rashsalar maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki kechirimli va mehr-shavqatli bo‘lish har bir musulmon uchun ham qarz, ham farzdir.