TOShKENT, 10 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti munosabati bilan mamlakat aholisiga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni prezident rasmiy sahifasida e’lon qilingan.
"Asrlar davomida el-yurtimizning ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin egallab, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlab kelayotgan ushbu qutlug‘ bayram barchamizga muborak bo‘lsin!", - deb boshlanadi tabrik matni.
Prezident o‘z tabrigida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda milliy-diniy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish, e’tiqod erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, turli millat va elatlar o‘rtasida totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhiti tobora yuksalib borayotganini ta’kidlab o‘tgan.
Qurbon hayitining mamlakatda mustaqillik bayrami arafasida keng nishonlanishi xalqning ruhi va kayfiyatini yanada ko‘tarmoqda, deb hisoblaydi prezident.
Ayni shu kunlarda el-yurtga xos bo‘lgan mehr-muruvvat, shafqat va saxovat tuyg‘ulari yaqqol namoyon bo‘lib, barchani ehtiyojmand, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironlar, yolg‘iz keksalarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va qabristonlarni obod qilish kabi savobli ishlarga da’vat etmoqda.
"Bunday xayrli amallar mamlakatimizda ijtimoiy hayotning turli sohalarida ro‘yobga chiqarilayotgan, insonni aziz va mukarram deb bilishga, jamiyatimizda qonun va adolat ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimizga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.
Biz ularning zamirida islom dinining insonparvarlik mohiyati va qudratini ko‘ramiz, buyuk ma’naviy meros vorislari ekanimizdan haqli ravishda faxrlanamiz", - deydi Mirziyoyev o‘z tabrigida.
O‘zbekiston rahbari barchani Qurbon hayiti bayrami bilan chin yurakdan muborakbod etgan va "Diling – Allohda, qo‘ling – mehnatda bo‘lsin”, degan olijanob e’tiqod bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon bo‘lsin", deya, Vatan, xonadonlardan xotirjamlik, ahillik, fayzu baraka hech qachon arimasligini tilagan.