TOShKENT, 8 avg — Sputnik. UzAuto Motors profilaktika ishlari tufayli avtomobil ishlab chiqarishni 2019-yilning 23-sentabriga qadar to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qilmoqda.
“Tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq, 2019-yilning 26-avgustidan boshlab UzAuto Motors AJ zavodlarida yillik rejali profilaktika ishlari boshlanadi”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ushbu chora-tadbirlar doirasida texnologik asosiy va yordamchi uskunalarni modernizatsiya qilish hamda kommunal xo‘jaligi va muhandislik- kommunikatsion tarmoqlarga texnik xizmat ko‘rsatiladi, shuningdek, korxonalarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari olib boriladi.
Xabarda xaridorlarga tayyor mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha barcha shartnoma majburiyatlari o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi ta’minlanishini qayd etilgan.
Shuningdek, rejalashtirilgan profilaktika ishlari oldindan tuzilgan transport vositalarini yetkazib berish jadvaliga ta’sir qilmaydi.