TOShKENT, 8 avg – Sputnik. “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalar va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risidagi nizom" loyihasi tayyorlandi.
O‘zbekiston Respublikasida muomalaga chiqarilgan 1994-yil namunasidagi 1 tiyin, 3 tiyin, 5 tiyin, 10 tiyin, 20 tiyin, 50 tiyin, 1997-yil namunasidagi 1 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 1999-yil namunasidagi 5 so‘m, 25 so‘m, 2000-yil namunasidagi 1 so‘m, 10 so‘m, 2001-yil namunasidagi 5 so‘m, 10 so‘mlik tangalar, shuningdek 1994-yil namunasidagi 1 so‘m, 3 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 25 so‘mlik banknotlar:
- 2006-yildan buyon zarb qilinmayotganligi va bosib chiqarilmayotganligini;
- bugungi kunda xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholi o‘rtasida, jumladan chakana savdo va aholiga pullik xizmat ko‘rsatish sohasida, naqd puldagi hisob-kitoblar va to‘lovlarda ulardan umuman foydalanilmayotganligini;
- tovar va xizmatlarning amaldagi narxlari darajasini hisobga olgan holda hamda muomaladagi naqd pullarning nominal qatorini ixchamlashtirish maqsadida mazkur nizom ishlab chiqilgan.
Mazkur eski namunadagi tangalar va banknotlar 2019-yil 1-dekabrdan boshlab qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi.
Muomaladan qaytarib olinadigan eski namunadagi tangalar va banknotlarning ayirboshlash muddati 2021-yil 1-yanvargacha belgilanadi.
Markaziy bankining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Bosh boshqarmalari Hisob-kitob kassa markazlari, tijorat banklari va ularning filiallari mijozlari va aholi tomonidan topshirilgan eski namunadagi tangalar va banknotlar belgilangan muddatga (2019 yil 1-dekabrga) qadar:
- mijozlarning tegishli hisobvaraqlariga, fuqarolarning arizasiga asosan omonatga kirim qilinishi;
- kommunal va boshqa bir martalik to‘lovlar uchun qabul qilinishi;
- bank plastik kartochka hisobvaraqlariga o‘tkazib berilishi;
- muomaladagi tanga va banknotlarga ayirboshlab berilishi mumkin.
2019 yil 1-dekabrdan boshlab (2019 yil 1-dekabrdan – 2021-yil 1-yanvarga qadar) qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotgan eski namunadagi tangalar va banknotlar faqat MBBB Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan almashtirib beriladi.
Tijorat banklari filiallarida eski namunadagi tangalar va banknotlarni sanab-saralash, qimmatliklarni tashish ishlari Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yo‘riqnoma talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Loyiha 23-avgustgacha muhokama qilinadi.