Elmira Bositxonova Nukusda namoyish o‘tkazgan ayollarning muammolarini o‘rgandi

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaElmira Basitxanova, zamestitel ministra zdravoxraneniya
Elmira Basitxanova, zamestitel ministra zdravoxraneniya - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi yigirmadan ortiq ayollarning dardlari, arzlari va shikoyatlarini eshitib, ularning huquqlarini ta’minlash, ko‘mak berish bo‘yicha hamkorlikda amaliy ishlarni olib bordi.

TOShKENT, 8 avg – Sputnik. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova Nukusda namoyish o‘tkazgan ayollarning muammolarini o‘rgandi va mutasaddilarga tegishli vazifalarni topshirdi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, voqeani o‘rganish jarayonida shikoyatchi Tileo‘biyke Uldasheva ijtimoiy-maishiy muammolari anchadan buyon hal etilmayotganini aytib, yordam so‘ragan. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ishtirokida hudud rahbarlari bilan o‘tkazilgan suhbatda uning uy-joy masalasidagi shikoyati yuzasidan Nukus shahar hokimi P. Tureshevga arizachiga joylashtirilgan uyida yashashi uchun order berish vazifasi topshirilgan.

Elmira Basitxanova, zamestitel ministra zdravoxraneniya - Sputnik O‘zbekiston
Nukusda ayollar namoyishi: Elmira Bositxonova voqea joyiga yo‘l oldi

T. Uldashevani ish bilan ta’minlash va farzandini musiqa maktabiga joylash masalalari bo‘yicha esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri D. Xodjiyevga uni tibbiyot birlashmasiga farrosh sifatida ishga qabul qilish, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Nukus shahar kengashi raisi v.v.b P. Qazakbayevga uning farzandini musiqa maktabiga joylashtirish topshirig‘i berildi.

Arizachining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi ekani va shu maqsadda o‘zini bo‘sh bino bilan ta’minlash borasida yordam ko‘rsatishlari to‘g‘risidagi iltimosiga yechim topish vazifasi Nukus shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G. Abibullayevaga topshirildi.

Fuqarolar P. Begjanova hamda G. Qoshanova o‘z muammolari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi hududga kelguniga qadar mas’ullar tomonidan hal etilganini bildirib, tegishli mutasaddilarga minnatdorlik izhor qildilar.

Shu kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova yana yigirma nafarga yaqin ayollarning dardlari, arzlari va shikoyatlarini eshitib, ularning huquqlarini ta’minlash, ko‘mak berish bo‘yicha hamkorlikda amaliy ishlarni olib bordi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi mazkur topshiriqlarning ijrosini kuzatib boradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Elmira Bositxonova Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida 1-avgust kuni Nukus shahrida yuz bergan voqea haqida e’lon qilingan xabardagi ma’lumotlar haqiqatga nechog‘li mos kelishi va bu ayollarning huquqlarini muhofaza etish, muammolariga hududdagi rahbarlar bilan birgalikda yechim izlash maqsadida 7-avgust kuni Qoraqalpog‘istonga yo‘l olgani xabar qilingan edi.

Yangiliklar lentasi
0