TOShKENT, 7 avg – Sputnik. Farg‘onalik tadbirkor tuyaqush terisidan oyoq kiyim ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiriga “Straus farm” korxonasi ish boshqaruvchisi Hasanboy Ahmadjonov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu korxona respublikada ikkinchi bo‘lib tuyaqush olib kelgan.
“Fermamiz Markaziy Osiyoda eng katta hisoblanadi. Fermada 250 bosh tuyaqush bor. Tuyaqushlarni o‘zimiz ko‘paytiramiz va tashqaridan olib kelamiz”, - dedi farg‘onalik tadbirkor.
Ko‘rgazmada tadbirkor Farg‘ona va Toshkent fabrikalarida tikilgan poyabzallarni namoyish qildi.
“Keyingi yil terini qayta ishlash uskunalarini olib kelib, poabzal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz. Afzalligi - sof tabiiy charm bo‘lgani uchun oyoqqa juda foydali, uni davolaydi. Bunday poyabzalda oyoq terlamaydi”, - deb qo‘shimcha qildi tadbirkor.
Bundan avval Farg‘onada Belarusning mashhur quyultirilgan sutini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar bergandik.
Eslatib o‘tamiz, bugun Farg‘ona shahrida xalqaro investitsiya forumi o‘z ish faoliyatini boshladi.
Forumda Janubiy Koreya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Eron, Turkiya, Belarus kabi 28 ta davlatning yirik investorlari ishtirok etmoqda. Forum davomida O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalari bilan birgalikda viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb kilish bo‘yicha kelishuvlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.