TOShKENT, 2 avg - Sputnik. Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmutdinova ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan "jinoyatga moyil ayollar" toifalari haqidagi maqola sabab, jamoatchilik orasida yuzaga kelgan noxush vaziyat uchun O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovadan uzr so‘radi.
Bu haqda Toshkent shahar hokimligi telegram kanalida xabar berildi.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Toshkent shahar IIB hamda Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida jinoyatga moyil ayollar 23 ta toifasi tuzilgan edi. Bu ro‘yxat kuni kecha internet olamida qizg‘in muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi. Kimdir ushbu holatni kulgiga olgan bo‘lsa, yana kimdir mem yaratdi. Foydalanuvchilar orasida O‘zbekiston xotin-qizlar raisi Elmira Basitxanovani tanqid qilganlar ham ko‘p bo‘ldi.
Toshkent shahar hokimligining rasmiy bayonotida aytilishicha, "Tuman hokimliklari huzurida "Tezkor shtab" tuzildi" maqolasi ayrim blogerlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingani jamoatchilik orasida tushunmovchilik yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.
"Mazkur maqolada so‘z yuritilgan dastur aslida og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga, yordamga muhtoj, ko‘makni tashqaridan izlayotgan va umidsizlikka tushgan xotin-qizlarning muammolarini aniq, manzilli o‘rganib, ularni yechishga qaratilgan", - deyiladi izohda.
Shuningdek, hokimlik va xotin-qizlar qo‘mitasi "hurmatli OAV vakillari va blogerlardan axborot tarqatishda ma’lumotlarni to‘g‘ri talqin qilishlarini" iltimos qilib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Elmira Basitxanova O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida xotin-qizlarni tasniflaydigan, toifaga ajratadigan ro‘yxatni shakllantirishga qat’iyan qarshiligini bildirgan va internet tarmog‘ida shov-shuvga aylangan "xotin-qizlarning 23 ta toifasi ro‘yxati" tuzilishiga o‘zining hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan edi.
Basitxanova shu munosabat bilan jurnalistlar, blogerlar hamda internet foydalanuvchilaridan o‘z sha’nimga aytilayotgan haqoratlarni to‘xtatishlarini so‘ragan.