TOShKENT, 30-iyul – Sputnik. Ukrainada Rossiyaning Nika Spirit tankeri tintuv vaqtida musodara qilingan hujjatlar bilan birga hibsga olindi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
“Biz buni bajardik. Nuqta!” — deb yozgan Ukraina bosh harbiy prokurori Anatoliy Matios o‘zining Facebook᾽dagi sahifasida.
Shu bilan birga, Matios Ukraina sudi Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) harbiy prokurorlari va tergovchilari xatti-harakatlarining qonuniyligini tekshirganini ta’kidlagan. Shuningdek, Ukraina qonunchiligida mamlakat hududida bo‘lgan dengiz yoki daryo transportida tergov harakatlari o‘tkazish uchun konsul yoki diplomatik muassasa vakilidan ruxsat olish ko‘zda tutilmaganini iddao qilgan.
UXX xodimlari Rossiyaga tegishli Nika Spirit tankerini 25-iyul kuni Izmail portida qo‘lga olgan edi. Kiyev ta’kidiga ko‘ra, tanker ilgari Neyma deb nomlangan va go‘yoki Kerch bo‘g‘ozida Ukraina kemalari yo‘lini to‘sishda ishtirok etgan.
Kemada tintuv o‘tkazilib, uning bortidagi hujjatlar, muzokaralar yozuvlari va bort jurnallari musodara qilingan. Kema ekipaji so‘roq qilingan, lekin keyinroq to‘liq tarkibda Rossiyaga qaytgan.
Siyosiy ekspert Vladimir Djaralla bo‘lib o‘tgan hodisani Ukrainaning amaldagi prezidenti Vladimir Zelenskiyni noqulay vaziyatga qo‘yishga urinish deb baholagan edi. Unga ko‘ra, bunda ilgari Poroshenko bilan hokimiyat tepasiga kelgan va besh yil davomida mamlakatni boshqargan kishilarning qo‘li bor. Ularning maqsadi – Zelenskiyga muammolar yaratish va Rossiya bilan muloqot o‘rnatishga qaratilgan har qanday urinishni to‘xtatib qolish.