TOSHKENT, 30 iyul – Sputnik. Qozogʻistonning Chimkent shahri aholisiga qoraqurt oʻrgimchaklari hujum qilmoqda, deb yozadi Zakon.kz nashri.
Giperbolik oksigenatsiya markazi xabariga koʻra, bugunga qadar Chimkentda 23 kishi qoraqurt chaqishidan shikoyat qilib shifoxonalarga murojaat qilgan.
“Bizga asosan tunda murojaat qilishadi, chunki qoraqurtlar tungi soat 2dan keyin chaqishni boshlaydi. Oʻrgimchaklar koʻchada uxlayotgan odamlar toʻshagiga kirib oladi”, - deydi Toksikologiya boʻlimi boshligʻi Asilxan Minbosыnov.
Shifokor aytishiga qaraganda, qoraqurt asosan erkaklarni chaqar ekan. Hashorat chaqishi darhol seziladi, lekin uning zahrining asosiy taʼsiri bir 10 daqiqalardan keyin seziladi: dastlab boʻinlarda ogʻriq paydo boʻladi, keyin koʻkrak qafasi siqiladi va havo yetishmay qoladi, - deydi shifokor.
Jabrlanganlardan biri aytishiga qaraganda, uni tungi qorovullik vaqtida oyogʻida ogʻriq sezgan. Shundan soʻng u qoraqurtni koʻrib, uni oʻldirgan. Bir necha daqiqalardan soʻng oʻzini yomon his qila boshlagan, oyoqlarini sezmay qolgan va nafas olishi ogʻirlashgan. Tez yordam uni shifoxonaga olib kelgan.
Shifokorlar aytishiga qaraganda, avgust oyining oxirida qoraqurtlar yana faollashishi mumkin. Ochiq osmon ostida uxlaganda qoraqurt chaqmasligi uchun toʻshak yaqinida qoʻy terisini qoʻyish kerak ekan. Uning hidi qoraqurtlarni qochirar ekan. Lekin ushbu vaqtda xavfsizlik maqsadida uyda uxlagan maʼqul deydi shifokor.
Maʼlumot uchun – qoraqurt yoki “qora beva” oʻrgimchagi asosan Markaziy Osiyo choʻllarida, Oʻrta-yer dengizi va Shimoliy Afrikada uchraydi. Koʻrinishidan qop-qora oʻrgimchakka oʻxshaydi, qorin qismida qizil dogʻlari boʻladi. Har 12 yoki 25 yilda ommaviy koʻpayish holatlari uchraydi. Qoraqurt chaqishidan uy hayvonlariga juda katta zarar keltirishi mumkin.