TOShKENT, 27-iyul - Sputnik. 27 iyul kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi va uning viloyatlardagi boshqarmalari yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar berdi respublika IIV matbuot xizmati.
Majlisda IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi hamda uning barcha viloyatlardagi rahbar xodimlari, IIV huzuridagi Tergov departamenti rahbariyati hamda barcha viloyatlardagi Tergov boshqarmalari rahbarlari, shuningdek Elektron axborot tizimlarining mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchilik tahlili, kelgusidagi ustuvor vazifalar hamda aholi tomonidan bildirilgan pasport tizimi bilan bog‘liq taklif va e’tirozlar muhokama qilinmoqda, deyilgan xabarda.
Tadbirda IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Fahriddin Tursunov so‘zga chiqib, joylardagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlari tomonidan 2019-yilning I yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan hato-kamchiliklar yuzasidan batafsil axborot berdi.
Hozirda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusidagi rejalarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan muhokamalar davom etmoqda.