TOShKENT, 25-iyul - Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Ibrohimova original va litsenziya asosida ishlab chiqarilgan dorilar farqini tushuntirib berdi.
Mutaxassis aytishiga qaraganda dorilar ilk bor ixtiro qilinganda va ishlab chiqilganda ular "original" deyiladi. Ularning patent muddati tugaganidan keyin boshqa firmalar ham shu dorini boshqa nomlar ostida ishlab chiqarishi mumkin bo‘ladi va bu dorilar "generik" deyiladi.
O‘zbekiston bozorida aylanayotgan dori vositalarining 90 % patent muddati tugagan va qayta ishlab chiqarilgan, ya’ni generik dorilar, dedi Ibrohimova.
- Bitta dorini yaratish uchun kamida 15-yil yoki undan ko‘p vaqt ketadi. Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda kuzatiladigan real amaliyot. Dori ishlab chiqarilgandan keyin uning nomi original bo‘ladi. Original dori vositasi patentiga ega bo‘lgan firma uni 25-yil davomida faqat o‘zi ishlab chiqaradi, o‘zi narx belgilaydi.
Yangi dori ixtiro qilish, ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish uchun 15-yil vaqt va 1 milliard AQSh dollari kerak bo‘ladi, shuning uchun ham original dorilar narxi qimmat bo‘ladi, - deydi mutaxassis.