TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. O‘zbekistondagi Golden Prime Fruit kompaniyasi mamlakatda yetishtirilgan sarxil gilos, shaftoli, o‘rik, uzum hamda olxo‘ri mevalarini ilk bor Malayziyaga eksport qilishni boshladi.
O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xabariga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida meva-sabzavot mahsulotlarining umumiy eksport hajmi 5 tonnani tashkil etdi. Shuningdek, mevalarning yana 1,5 tonnaga yaqin uchinchi partiyasi Made in Uzbekistan belgisi tushirilgan maxsus qadoqlarda manziliga jo‘natildi.
Kompaniya vakillarining qayd etishicha, O‘zbekistonda yetishtirilgan sarxil mevalar malayziyalik hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otgan va eksport hajmini yanada oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Shu maqsadda hozirgi kunda ushbu davlatning yetakchi savdo tarmoqlari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Bundan tashqari, joriy yilning avgust oyida qo‘shimcha ravishda qovun mahsulotlarini ham yetkazib berish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbek uzumi va gilosi endilikda Misr bozorlarida ham sotilishi haqida xabar qilgan edik.