TOShKENT, 7-iyun – Sputnik. Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov viloyatda yetishtirilga mevalar ilk bor Angliya va Hindistonga eksport qilingani haqida ma’lumot berdi. Bu haqda xalqaro investitsiya forumida qatnashayotgan Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qildi.
Namangan viloyati hokimining so‘zlariga ko‘ra, bir hafta avval, Namanganda yetishtirilgan gilos mevasi barcha zaruriy sifat sertifikati berilgan Angliyaga eksport qilindi va London shahrini supermarketlar peshtaxtalarda o‘rin oldi.
“Mevalarimiz nafaqat g‘arbga, balki Sharqqa ham borayapti. Joriy yilda Hindistonning “Kasa Biyanka” kompaniyasi bilan shartnomalar tuzildi. Mazali o‘rikning birinchi partiyasi allaqachon Hindistonning supermarketlarida namoyish etilgan”, - dedi Bozorov.
Namangan hokimining so‘zlariga ko‘ra, viloyatida 24 ming gektar mevali bog‘lar,9 ming gektar uzumzorlar mavjud. O‘tgan yilning o‘zida 750 ming tonna sabzavot, 250 ming tonna meva, 107 ming tonna uzum yetishtirildi.
Namanganda 150 ta qo‘shma korxonalar faoliyat olib bormoqda. Hozirda Koreya, Xitoy, Rossiya, Birlashgan arab amirliklari, Singapur, Germaniya va boshqa bir qator davlatlar bilan ish olib borilmoqda.
Namanganda yirik xalqaro iqtisodiy tadbir – “Doing Business with Namangan – 2019” Xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi. Tadbirda 40 ga yaqin davlatdan 300 ga yaqin xorijiy kompaniya vakillari qatnashmoqda.
Forum doirasida 320 million dollarlik investitsiya shartnomalar imzolash rejalashtirilgan.