TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Ukraina xavfsizlik xizmati Odessa viloyatidagi Izmail portida Rossiyaga tegishli Neyma tankerini qo‘lga oldi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, rus tankeri Kerch bo‘g‘ozida Ukraina kemalarini blokirovka qilgani uchun qo‘lga olingan.
Ta’kidlanishicha, kema portga NIKA SPIRIT nomi ostida kirgan.
Ish yuzasidan gumon qilinuvchilar sifatida 15 ta yuqori rus harbiy rahbariyatining mansabdor shaxslari, shu jumladan, kontr-admiral, ikki nafar vitse-admiral va general-polkovnik jalb qilingan.
UXX xodimlari, harbiy prokurorlar va chegarachilar Ukraina sudi ruxsati bilan kemada tituv o‘tkazgan va hujjatlar, muzokaralar yozuvlari va bort jurnallarini musodara qilishgan. Shuningdek, ekipaj a’zolarini so‘roq qilishgan.
Kemaning o‘zi ish yuzasidan ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Hozirda uni hibsga olish uchun sudga murojaat tayyorlanmoqda.
Kerch bo‘g‘ozidagi hodisa
O‘tgan yilning noyabr oyida Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining “Berdansk”, “Nikopol” va “Yani Kapu” kemalari Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Rossiyaning hududiy suvlariga kirgan. Qora dengizdan Kerch bo‘g‘ozi bo‘ylab harakat qilishgan. Ular Rossiya harbiylarining talablariga bo‘ysunishmagan va natijada qo‘lga olingan.
Vladimir Putin Kiyev hukumati harakatlarini Ukraina prezidenti saylovi arafasida amalga oshirilgan ig‘vo deb baholagan edi.