TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Qazaqstan temir joli” rahbariyati ishtirokida o‘zaro chiptalar narxini pasaytirish masalasi bo‘yicha muzokara o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, 2019-yil 1-avgustdan boshlab “Qazaqstan temir joli” milliy kompaniyasi AJ tomonidan №001/002 sonli Toshkent-Olmaota-Toshkent yo‘nalishidagi tezurar “Tulpar-Talgo” poyezdining chiptalariga belgilangan tarif bahosiga qo‘shimcha chegirmalar berilishiga qaror qilindi.
Xususan, mazkur yo‘nalishga poyezd yo‘nashidan besh kun oldin chipta xarid qilinsa SV hamda kupe turidagi vagonlarga – 25 foiz, o‘rindiqli vagonlarga – 15 foiz, qo‘shimcha yig‘imlarga – 53 foizli chegirma beriladi.
Qayd etilishicha, yaqin kunlarda №001/002 sonli tezurar “Tulpar – Talgo” poyezdining chipta narxlarini pasaytirish masalasi yana qo‘shimcha ravishda ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, Olmaota va Toshkent o‘rtasida “Tulpor-Talgo” tezurar poyezdi 2017-yil 21-martdan qatnashni boshlagan edi. Yo‘lga sarflanadigan vaqt taxminan 16 soat 30 daqiqani tashkil etadi. Qatnov yo‘lidagi to‘xtash joylari: Otar, Chu, Taraz, Chimkent, Sariog‘och va Toshkent.