TOShKENT, 24-iyul – Sputnik. O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Yaponiya Muvaqqat ishlar vakili Atsushi Suda bilan uchrashdi.
TIV xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yaponiyaning Afg‘onistondagi tang holatni hal qilishdagi sa’y-harakatlari, ushbu mamlakatda turli loyihalarni birgalikda hayotga tadbiq qilishda hamkorlik qilishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xabarda qayd etilishicha, Yaponiya tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan siyosiy jarayonni boshlash borasidagi sa’y-harakatlariga, mazkur mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy loyihalarga yuqori baho bergan.
Shuningdek, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalarini qayta tiklashda xalqaro hamjamiyat faoliyatini kengaytirishning muhimligi to‘g‘risidagi fikrni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan.
Shavkat Mirziyoyev kuzda Yaponiyaga tashrif buyuradi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston inklyuziv afg‘onlararo muloqotning navbatdagi raundini Samarqand shahrida o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlagani va bo‘lajak muzokaralar muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid bildirgani xabar qilingan edi.