TOShKENT, 22-iyul – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisi soni 2019-yil 1-iyul holatiga 33,5 mln kishini tashkil etib, 2019-yil boshidan 268,1 ming kishiga yoki 0,8 foizga o‘sdi. Ushbu raqamlar Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida keltirib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, shahar aholisi soni 16,9 mln kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,5 foiz), qishloq aholisi soni 16,5 mln kishini (49,5 foiz) tashkil etdi.
2019 yil 1-iyul holatiga eng ko‘p aholi soni Samarqand viloyati (respublika aholisi sonidagi ulushi 11 foiz), Farg‘ona viloyati (11,1 foiz), Qashqadaryo viloyati (9,7 foiz) va Andijon viloyatida (9,2 foiz) qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yil 1-iyul holatiga ko‘ra aholining 30,5 foizini mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 59 foizini mehnatga layoqatli yoshdagilar va 10 foizini kattalar tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2019-yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatdagi o‘lim holatlariga qaysi kasalliklar sabab bo‘lgani ma’lum qilingan edi.