TOShKENT, 11-iyul - Sputnik. O‘zbekistonda 2019 yilning o‘tgan davrida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi suitsid ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,6 foizga kamaydi, dedi bugun o‘tkazilgan matbuot-anjumani davomida O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Basitxanova.
Ta’kidlanishicha, o‘z joniga qasd qilish holatlarining 57,3 %i erkaklar tomonidan, 42,7 %i ayollar tomonidan sodir etilgan.
Xotin qizlar qo‘mitasi suitsid holatlari aniq soni bo‘yicha ma’lumotni ochiqlashni istamadi.
Shu bilan birga matbuot-anjumanida qayd etildi-ki, o‘z joniga qasd qilish holatlari 100 % deb olinganda, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 55,5 %ni tashkil etgan.
"Suitsid yoshi "yosharib" bormoqda", - dedi xotin-qizlar qo‘mitasi vakili
O‘z joniga qasd qilganlar orasida ruhiy kasal, asabiy xarakter, xulq-atvorida salbiylik alomatlari yuqori bo‘lgan kishilar eng ko‘p - 45%ni tashkil etgan. Oilaviy janjallar xususan, er-xotin, qaynona-qaynotalar, erning qavm-qarindoshlari yoki o‘zining boshqa birovlar bilan janjallashib qolishi tufayli suitsid sodir etganlar miqdori 13,7 %ni tashkil etgan.
Shuningdek, moddiy-maishiy jihatdan kam ta’minlanganlik (2,3 %), giyohvandlikka ruju qo‘yish, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘ya olmaslik (1,7 %), rashk tufayli (0,7 %, ishxonadagi kelishmovchiliklar, boshqa birovning shaxsga tegadigan darajada haqorat qilishi (0,3 %) va boshqalar (sevgani bilan janjallashib qolishi, o‘qishga kira olmasligi, farzand kasalligi yoki yo‘qligi, pulini yo‘qotish, boshqalar bilan ziddiyat) - 17,6 %ni tashkil etgan.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining ma’lum qilishicha, suitsid holatlarining oldini olish bo‘yicha qator choralar belgilab olingan va amalga oshirilmoqda. Xususan, bugungi kunda sog‘liqni saqlash vazirligi bilan patronaj xizmati, shuningdek xotin-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish orqali ruxiyatida o‘zgarishi bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash, ularni psixologlar orqali sog‘lomlashtirish, holat sodir etilganda tez tibbiy yordam xodimlari bilan birga psixiatorlarni borishi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, xalq ta’limi vazirligi bilan ta’lim muassasalarida majburiy psixologik testlar o‘tkazish orqali ruxiyatida o‘zgarishi bo‘lgan o‘quvchilarni aniqlash va ularni sog‘lom xayotga qaytarish, psixolog mutaxassislarni tayyorlash belgilangan.
Qolaversa, din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan o‘z joniga qasd qilish holatlari islom diniga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi bo‘yicha ma’ruzalar tezislari ishlab chiqilgan va joylardagi diniy ularmolarga aholi o‘rtasida targ‘ib etish uchun yetkazilgan.