TOShKENT, 11-iyul – Sputnik. Toshkent xalqa avtomobil yo‘lidagi “Toshkent savdo markazi”, “Bek To‘pi”, “Chilonzor buyum bozori” va “O‘rikzor” bozorlari yaqinida o‘rnatilgan kameralar birinchi ish kuni haydovchilar tomonidan 782 ta “To‘xtash taqiqlangan” (3.27) belgisini mensimaslik holatini qayd etdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzilishi nuqtayi nazaridan poytaxt bozorlari eng muammoli joylar hisoblanishadi.
3.27 belgisi ostida avtomobilni to‘xtatish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-6-moddasiga muvofiq EKIHning 3 baravarigacha (608 190 so‘m) jarima solinishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mazkur kameralar 10-iyuldan ish boshladi. Ular 360 gradusga o‘girila oladi. Avtomobil mumkin bo‘lmagan joyda to‘xtagach, videokamera avtomatik tarzda vaqtni va “qoidabuzar” avtomobilning davlat raqamini qayd etadi. Ma’lumotlar onlayn-tarzda bazaga yo‘naltiriladi, u yerda esa jarima solish bo‘yicha qarorni shakllantirib, uni pochta orqali qoidabuzarga jo‘natish uchun yo‘llaydi.