TOSHKENT, 10 iyul - Sputnik. Oʻzbekiston bu yil yana bir partiya yevrobondlar chiqarishi mumkin. Bu haqida Sankt-Peterburgda 3-5 iyul kunlari boʻlib oʻtgan xalqaro moliyaviy kongress doirasida Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratovning Blumberg agentligiga maʼlum qildi.
“Oʻzbekiston yil oxiriga qadar qiymati dollarda boʻlgan yevrobondlar chiqarishi mumkin. Bu bizga mamlakat “kredit tarixini” yaratish uchun kerak. Oʻzbekiston xalqaro qarz bozoriga yaqinda chiqdi, fevral oyida chiqarilgan yevrobondlar birinchi qadam boʻldi. Investorlar esa “kredit tarixi” bilan qiziqadi”, - dedi Markaziy bank raisi.
Uzoq yillar davomida xalqaro kredit bozori uchun yopiq boʻlgan Oʻzbekistonga soʻnggi yillarda xalqaro kreditorlar tomonidan katta qizqish bildirilmoqda. Fevral oyida qiymati 1 milliard dollar boʻlgan 10 yillik yevrobondlar chiqarildi.
Bloomberg Barclay indeksiga koʻra, Oʻzbekistonning birinchi partiya obligatsiyalariga investorlar orasida talab juda katta boʻldi. Oʻsayotgan bozorlarda oʻrtacha foiz stavkasi 6,2 % boʻlib turgan bir vaqtda Oʻzbekiston obligatsiyalari 8,4% gacha koʻtarildi.
Birinchi muvaffaqiyatdan soʻng Oʻzbekiston Markaziy banki 2019 yil oxiriga qadar yana bir marta ana shunday emissiya chiqarishni rejalashtirmoqda.
“Ikkinchi partiya obligatsiyalar dollarda chiqariladi, chunki bizning tashqi savdo asosan dollarda olib borilmoqda. <...> Xalqaro qarz bozoriga chiqar ekanmiz, biz xorijiy investorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritish uchun signal bermoqdamiz.”, - dedi Nurmuratov.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston islohotlarning birinchibosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirib iqtisodini qayta qurmoqda. 2019 yilda aholisi 30 million kishi boʻlgan mamlakatda YAIM oʻsishi 5,5 % boʻlishi kutilmoqda.